05/05/2026
Toshkent aeroportida Meet & Greet xizmati paydo bo‘ladi
"Uzbekistan Airports" Toshkent xalqaro aeroportida uchib ketayotgan va uchib kelayotgan yo‘lovchilarni kutib olish hamda kuzatishni nazarda tutuvchi Meet & Greet xizmati uchun tijorat maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha E-auksion.uz saytiga lot joylashtirdi.
Gap xalqaro uchib ketish va uchib kelish terminallaridagi umumiy maydoni 8 kv.m bo‘lgan ikkita lokatsiya haqida ketmoqda, ular 3 yil muddatga ijaraga beriladi. Lotning boshlang‘ich narxi — 192 mln so‘m. Operator yo‘lovchilarni kutib olish, yuklar bilan yordamlashish va aeroport bo‘ylab hamrohlik qilish kabi pullik xizmatlarni ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy sharti — infratuzilmaga investitsiya kiritish: ijarachi yo‘lovchilar uchun bepul foydalanish imkoniyati bo‘lgan 1000 dona umumiy foydalanishdagi yuk aravachalarini sotib olishi va foydalanishga topshirishi shart. Barcha aravachalar ikki oy ichida ishga tushirilishi lozim. Shuningdek, operator ularni to‘liq ishlatish mas’uliyatini ham o‘z zimmasiga oladi: aeroport hududi bo‘ylab yig‘ish, logistika, bazaviy nuqtalarga qaytarish, muntazam xizmat ko‘rsatish va sanitariya ishlovi shular jumlasidandir.
Loyiha raqamli hisob-kitob va shaffof hisobotlarni, shuningdek, foydalanuvchilar uchun to‘laqonli servisni — to‘lov (Uzcard, Humo, Visa va boshqalar) imkoniyatiga ega sayt yoki botni, kontakt-markazni va administrator bo‘lishini nazarda tutadi. Moliyaviy shartlar 2 mlrd so‘m miqdoridagi oldindan to‘lovni o‘z ichiga oladi. Dastlabki olti oy davomida qat’iy ijara haqi amal qiladi, so‘ngra — yo qat’iy stavka, yoki aylanmadan 20% to‘lanadi.
Ijarachilarga qo‘yiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari E-auksion saytidagi ushbu lot (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=23614085)ostida batafsil joylashtirilgan. Kimoshdi savdosi qoidalariga ko‘ra, savdolar davomida boshlang‘ich summalar kamida 5% ga oshishi mumkin. Kimoshdi savdosi 2026-yil 19-may kuniga rejalashtirilgan.